«Yuventus» Italiya A Seriyasining 2026/27 yilgi mavsumidagi ilk uchrashuvida uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Turinliklar elitaga qaytgan «Frozinone» mehmoni bo‘lib, minimal hisobda g‘alaba qozondi — 1:0.
«Benito Stirpe» stadionidagi bahs taqdirini birinchi bo‘limda urilgan yagona gol hal qildi. 22-daqiqada Bremer imkoniyatdan foydalanib, «Yuventus»ni oldinga olib chiqdi.
Shundan keyin «Frozinone» hisobni tenglashtirishga harakat qildi, biroq «byankoneri» himoyasi yakuniy hushtakka qadar ustunlikni saqlab qoldi. Natijada «Yuventus» mavsumni g‘alaba va «quruq» o‘yin bilan boshladi.
«Frozinone» o‘tgan mavsum B Seriyada 81 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, Italiya futboli elitasiga yo‘llanma olgan edi. «Yuventus» esa avvalgi A Seriya mavsumini 69 ochko bilan 6-pog‘onada yakunlagan.
Keyingi tur 29 avgust kuni o‘tkaziladi. «Yuventus» o‘z maydonida «Parma»ni qabul qilsa, «Frozinone» safarda «Fiorentina»ga qarshi bahs olib boradi.













