"Atletiko" bosh murabbiyi Diyego Simeone "Vilyarreal"ga qarshi La Liga 2-turidan keyin hujumchi Xulian Alvares atrofidagi vaziyatga munosabat bildirdi.
Argentinalik futbolchi 66-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi. "Metropolitano"dagi muxlislar uni ismi e’lon qilinganida, qizish mashqlari paytida va maydonga tushganida hushtakbozlik bilan qarshi oldi. Uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi.
O‘yindan keyin Alvares jamoadoshlari bilan birga tribunadagi muxlislarga minnatdorlik bildirish uchun qolmadi va kiyinish xonasiga yo‘l oldi. Simeonening aytishicha, bu futbolchining shaxsiy qarori emas, balki klub tomonidan qabul qilingan chora bo‘lgan.
"Klubdagilar menga Xulianni tribunalarga yaqinlashtirmaslikka qaror qilinganini aytishdi. Uni muxlislardan uzoqlashtirib, kiyinish xonasiga yuborish klubning qarori edi.
Agar sovrin yutishni istasak, birdam bo‘lishimiz kerak. Bizga hujumchilar, muhim hujumchilar kerak va ularni asrashimiz lozim", — dedi Simeone.
Alvaresga nisbatan muxlislarning noroziligi uning yozda "Atletiko"ni tark etish istagini bildirgani bilan bog‘liq. Xususan, argentinalik forvardning "Barselona"ga o‘tish istagi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shu tariqa, "Atletiko" mavsumdagi dastlabki ikki turdan keyin ilk ochkosini qo‘lga kiritdi. "Vilyarreal"ga qarshi bahsda madridliklar Robin Le Normanning chetlatilishidan keyin o‘n kishi bo‘lib qolganiga qaramay, Juliano Simeonening kechki goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.













