«Yuventus» yarim himoyachisi Tyon Kopmeyners yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar Turin klubini tark etishi mumkin.
Goal.com ma’lumotiga ko‘ra, 28 yoshli niderlandiyalik futbolchi bosh murabbiy Luchano Spallettining kelgusi rejalaridan o‘rin olmagan. Shu sabab Kopmeyners transfer oynasi yopilguniga qadar yangi jamoa topishga umid qilmoqda.
Avvalroq futbolchiga Italiya, Turkiya va Angliya klublari qiziqish bildirgan. Ular orasida «Aston Villa» va «Manchester Yunayted» ham bor.
«Yuventus» Kopmeynersni taxminan 30 million yevroga sotishga tayyor. Shuningdek, ijara varianti ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq turinliklar kelishuvga muayyan ko‘rsatkichlarga erishilgan taqdirda futbolchini majburiy sotib olish bandini kiritishni istamoqda.
Kopmeyners 2024 yil yozida «Atalanta»dan 58 million yevro evaziga «Yuventus»ga o‘tgan edi. Biroq u Turinda kutilgan darajada o‘zini ko‘rsata olmadi. Yarim himoyachi «Yuventus» safida 90 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma berdi.













