Londonning «Arsenal» klubi «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares uchun kurashni davom ettirmoqda.
26 yoshli argentinalik futbolchining asosiy istagi «Barselona»ga o‘tish bo‘lib turibdi. Biroq «Atletiko» o‘z yulduzini La Ligadagi raqibiga sotishga qat’iyan qarshi. Shu sabab «Arsenal» vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, agar Alvares transfer oynasi yopilguniga qadar fikrini o‘zgartirib, boshqa klublar taklifini ko‘rib chiqishga rozi bo‘lsa, «kanonirlar» darhol harakatga o‘tishga tayyor.
O‘tgan hafta «Atletiko» sport direktori Mateu Alemani Londonda «Arsenal» vakillari bilan uchrashgan. Madridliklar Alvares uchun 150 million yevro talab qilayotganini ma’lum qilgan. «Arsenal» esa futbolchi rozilik bersa, bu miqdordagi transferni moliyalashtirish imkoniyatiga ega ekaniga ishonmoqda.
Shu tariqa, transfer taqdiri ko‘p jihatdan Alvaresning qaroriga bog‘liq. «Barselona» varianti amalga oshmasa, «Arsenal» argentinalik hujumchi uchun asosiy variantlardan biri bo‘lib turibdi.













