«Beshiktosh» Turkiya chempionati 2-turida «Alanyaspor»ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng hakamlar brigadasi ishini keskin tanqid qildi.
Istanbul klubi bosh hakam Adnan Deniz Kayyatepe va VAR hakami Byulent Birinchiog‘luning qarorlaridan norozi bo‘lib, kelgusida ularni o‘z o‘yinlarida ko‘rishni istamasligini ma’lum qildi.
«Alanyaspor»ga qarshi uchrashuvdagi hakamlik tarixga kirdi. O‘tgan yili Turkiya kubogi yarim finalidagi mojaroli qarorlari hali ham yodimizda bo‘lgan Adnan Deniz Kayyatepe xuddi «Qayerda to‘xtagan edik?» degandek, o‘z faoliyatiga yana bir sharmandali hakamlikni qo‘shdi», — deyiladi klub bayonotida.
«Beshiktosh» uchta bahsli epizodga alohida e’tibor qaratdi. Birinchi holatda «Alanyaspor» futbolchisi Fidan Aliti Leandro Trossarning yuziga zarba bergani, ammo bosh hakam ham, VAR ham vaziyatga aralashmagani ta’kidlandi.
«Raqib futbolchisi Trossarga butun dunyo ko‘z o‘ngida zarba berdi. Adnan Deniz Kayyatepe buni ko‘rmadi, VAR hakami Byulent Birinchiog‘lu esa jim qoldi», — deya klub munosabat bildirdi.
Shuningdek, «Beshiktash» O Xyon Gyuning bekor qilingan goli hamda Dushan Vlaxovich jarima maydonida yiqilgan vaziyatda fol belgilanmaganidan norozi bo‘ldi. Klub fikricha, har ikki epizodda ham noto‘g‘ri qaror qabul qilingan.
«Biz hech qanday ustunlik yoki imtiyoz talab qilmayapmiz. Faqat adolatli va teng hakamlikni xohlaymiz. Bu adolatsiz tizim o‘zgarmaguncha, kurashimizni davom ettiramiz», — deyiladi bayonotda.
«Alanyaspor» Nunu Limaning 73-daqiqada urgan goli evaziga «Beshiktosh»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.













