"Everton" bosh murabbiyi Devid Moyes Angliya Liga kubogi va Angliya kubogidagi ishtirokning jamoa uchun qanchalik muhim ekani haqidagi savolga keskin munosabat bildirdi.
Liga kubogi ikkinchi bosqichida "Preston"ga qarshi o‘yin oldidan mutaxassisdan joriy mavsumda kubok musobaqalariga qanchalik jiddiy yondashishi so‘raldi.
"Menimcha, bu har bir jurnalist har bir murabbiyga beradigan savol. Ba’zan o‘ylab qolaman: jurnalistlar rostdan ham shunchalik ahmoqmi? Siz qaysidir murabbiy kubok yutishni istamaydi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, barchamiz sovrin yutishni xohlaymiz. Shuning uchun javob — ha, bu musobaqalar juda muhim", — deya Moyesning so‘zlarini keltiradi talkSPORT.
Shundan so‘ng "Everton" ustozi jurnalistning o‘ziga savol berib, u uchun kubokni qo‘lga kiritish muhimroqmi yoki Premyer-ligada joyni saqlab qolishmi, deb so‘radi.
Jurnalist ikkinchi variantni tanlagach, Moyes:
"Mana, bo‘ldi. Savolingizga o‘zingiz yarim javob berdingiz", — dedi.
"Everton" 1995 yildan beri biror sovrinni qo‘lga kiritmagan. O‘sha yili jamoa Angliya kubogida g‘olib chiqqan edi.













