UEFA Chempionlar Ligasi saralash bosqichi yakunlanib, asosiy bosqichning barcha ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi. Musobaqada jami 36 ta jamoa ishtirok etadi va ulardan to‘rttasi turnirda ilk bor o‘z omadini sinab ko‘radi.
1. “Sabah” (Ozarbayjon)
Ozarbayjonning “Sabah” klubi Chempionlar Ligasining saralashning oxirgi bosqichida Isroilning “Hapoel” (Beer-SHeva) jamoasini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:4 hisobida mag‘lub etdi. Qayd etish joiz, dastlabki uchrashuv “Sabah”ning mag‘lubiyati bilan yakunlangan edi (1:2), ammo javob bahsida jamoa raqibini 5:2 hisobida taslim etdi.
E’tiborli jihati, 2017-yilda tashkil topgan “Sabah” klubi hali o‘n yillik tarixga ega bo‘lmay turib, o‘tgan mavsumda ilk bor Ozarbayjon chempionligini qo‘lga kiritdi. 2026-yilda esa ushbu jamoa UEFA Chempionlar Ligasida debyut qiladi.
2. LASK (Avstriya)
1965-yildan buyon ilk marta Avstriya chempionligini qo‘lga kiritgan LASK YECHL saralash bosqichining oxirgi bosqichida Shotlandiyaning “Seltik” klubiga qarshi maydonga tushib, iroda ko‘rsatdi. Dastlabki o‘yin avstriyaliklar uchun 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangandi.
Javob bahsining 22-daqiqasida “Seltik” hisobni ochgach, avstriyaliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 0:4 hisobida ortda qolayotgan edi. Biroq LASK taslim bo‘lmadi — 90-daqiqaga qadar jamoa to‘rtta gol urib, umumiy hisobni tenglashtirdi. 109-daqiqada esa Samuyel Adeniran dubl qayd etib, “Seltik”ni Yevropa Ligasiga, LASKni esa o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasining asosiy bosqichiga olib chiqdi. Avstriyaliklar sardori Sasha Xorvat ushbu voqeani “futbol mo‘’jizasi” deb atadi.
3. “Viking” (Norvegiya)
“Viking” Norvegiya chempionatining amaldagi g‘olibi hisoblanadi. Jamoa saralashning oxirgi bosqichida Xorvatiyaning “Dinamo Zagreb” klubi bilan to‘qnash keldi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:3 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida birinchi marta Chempionlar Ligasini yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
4. “Komo” (Italiya)
Chempionlar Ligasining boshqa debyutantlaridan farqli o‘laroq, “Komo” asosiy bosqichga Italiya A Seriyasi yakunlariga ko‘ra yo‘l oldi. Jamoa 71 ochko to‘plab, turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni band etdi.
E’tiborlisi shundaki, “Komo” Italiya futbolining yuqori divizioniga 2024-yilda qaytgandi. Bunga qadar jamoa 2003-yildan buyon quyi ligalarda to‘p surib kelayotgan edi. Ammo jamoa boshqaruviga ispaniyalik mutaxassis Sesk Fabregas kelgach, klubning o‘yini sezilarli darajada o‘zgardi va qisqa muddatda jamoaga YECHL yo‘llanmasini taqdim etdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2026/2027-yilgi mavsum Chempionlar Ligasiga qur’a tashlash marosimi 27-avgust kuni Monakoda bo‘lib o‘tadi. Umumiy bosqich o‘yinlari 8-sentyabrdan start oladi.













