Samarqandning «Dinamo» klubi hujumchisi Firdavs Abdurahmonov O‘zbekiston Superligasi 19-turining eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.
21 yoshli futbolchi 19-tur doirasida «Paxtakor»ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda «Dinamo»ning asosiy tarkibida maydonga tushdi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Toshkentliklar 62-daqiqada Hojimat Erkinovning golidan keyin hisobda oldinga chiqqan bo‘lsa, Abdurahmonov 85-daqiqada Behruzbek Oblaqulovning uzatmasidan so‘ng javob to‘pini kiritdi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
Tur davomida Abdurahmonov 4 marta zarba yo‘lladi, uning kutilgan gollar ko‘rsatkichi 0,4 ni tashkil qildi. Shuningdek, futbolchining uzatmalar aniqligi 70 foiz bo‘ldi.
Firdavs Abdurahmonov ketma-ket ikkinchi turda Superliganing eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. «Dinamo» hujumchisi 18-turda OKMK darvozasiga g‘alaba golini kiritib, ushbu nominasiyani qo‘lga kiritgan edi. Endi u 19-tur yakunlariga ko‘ra ham eng yaxshi yosh futbolchi sifatida e’tirof etildi.














