Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente «Real Madrid» hujumchisi Karlos Espining salohiyatini yuqori baholadi. Mutaxassis 21 yoshli futbolchi milliy jamoa murabbiylar shtabi kuzatuvida ekanini ta’kidladi.
«Bunday futbolchilar juda qiziq va ular rivojlanishda davom etishi kerak. U Jahon chempionati uchun dastlabki ro‘yxatda bor edi. Endi esa biz undan kutayotgan darajaga chiqish imkoniyatiga ega», — dedi De la Fuente.
Espi 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan Ispaniyaning 55 futbolchidan iborat dastlabki ro‘yxatiga kiritilgan, ammo yakuniy 26 kishilik tarkibdan joy olmagan edi. O‘sha paytda u «Levante» safidagi muvaffaqiyatli mavsumi orqali terma jamoa murabbiylar shtabi e’tiborini tortgan.
«Real Madrid» Karlos Espini 30 iyul kuni «Levante»dan sotib oldi va hujumchi bilan 2031 yil yozigacha shartnoma imzoladi. U «Levante» asosiy jamoasida uch mavsum davomida 66 ta o‘yin o‘tkazib, 20 ta gol urgan, o‘tgan mavsum yakunida esa La Liganing 23 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.
Espi yangi klubida ham tezda o‘zini ko‘rsatishga ulgurdi. U 22 avgust kuni «Espanyol»ga qarshi La Liga uchrashuvida zaxiradan maydonga tushib, 90-daqiqada g‘alaba golini urdi va «Real Madrid»ga 2:1 hisobidagi g‘alabani keltirdi.













