Ispaniyada La Liga va Segunda divizioni uchun transfer oynasi yopilishiga atigi besh kun qoldi. Futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddati kelasi seshanba kuni soat 23:59 da yakunlanadi.
Biroq ushbu muddat joriy transfer oynasida bir nechta klub bilan bog‘langan Dani Sebalyosga taalluqli emas. Chunki u hozirda erkin agent maqomiga ega.
Sebalyos 26 iyun kuni "Real" bilan shartnomasining qolgan bir yilini o‘zaro kelishuv asosida bekor qilish bo‘yicha kelishib olgan. Uning Madrid klubi bilan shartnomasi aslida 2027 yil 30 iyunga qadar amal qilishi kerak edi.
Shartnomaning muddatidan oldin bekor qilinishi andalusiyalik yarim himoyachiga 1 iyul kuni rasman ochilgan yozgi transfer oynasiga erkin agent sifatida kirish imkonini berdi.
Shu sababli, agar Sebalyos kelasi seshanba yarim tunga qadar yangi jamoa topa olmasa ham, Ispaniyada transfer oynasi yopilganidan keyin boshqa klub tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Bu qoida Ispaniya klublariga ham, boshqa mamlakat jamoalariga ham taalluqli.
Bunday imkoniyat FIFAning "Futbolchilar maqomi va transferlari to‘g‘risidagi reglament"ida nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, sobiq klubiga tegishli ro‘yxatdan o‘tkazish davri yakunlanishidan oldin shartnomasi tabiiy ravishda tugagan yoki o‘zaro kelishuv asosida bekor qilingan professional futbolchi standart transfer oynasidan tashqarida ham ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Shu tariqa, transfer dedlayni yaqinlashayotganiga qaramay, Sebalyos yangi klub topish uchun aksariyat futbolchilarga nisbatan ko‘proq vaqtga ega.













