Kolumbiyalik himoyachi Daniel Munyos Angliya Premyer-ligasidagi faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi mumkin.
Insayder Fabrisio Romano tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, «Nottingem Forest» 30 yoshli futbolchining transferi yuzasidan «Kristal Pelas» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqqan. Tomonlar ehtimoliy kelishuv shartlarini muhokama qilmoqda.
Qayd etilishicha, Munyosning o‘zi ham «Nottingem Forest» safiga o‘tishga qiziqish bildirgan.
Kolumbiyalik qanot himoyachisi «Kristal Pelas» sharafini 2024 yil yanvaridan buyon himoya qilib kelmoqda. Uning London klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil iyun oyi oxiriga qadar mo‘ljallangan.
Munyosning transfer qiymati 22 million yevro atrofida baholanmoqda.
O‘tgan mavsumda futbolchi Angliya Premyer-ligasida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













