Entoni Elanga Angliya Premyer-ligasining 2-turida «Nyukasl»ning «Tottenxem» ustidan safarda 2:0 hisobida g‘alaba qozonishiga muhim hissa qo‘shdi.
24 yoshli futbolchi 62-daqiqada uchrashuvda hisobni ochdi. Goldan so‘ng u Tyerri Anrining mashhur gol nishonlashini takrorlab, tizzasida maydon bo‘ylab sirg‘aldi va keyin «Tottenxem» muxlislari qarshisida boshini egdi.
Fransiyalik afsona 2002 yil kuzida «Arsenal» safida aynan «Tottenxem»ga qarshi o‘yinda ajoyib yakka harakatdan so‘ng gol urgach, shu tarzda nishonlagan edi.
«Men doim Anri mening sevimli futbolchim ekanini aytganman. Bugun gol ursam, albatta, xuddi shunday nishonlashimni oldindan bilardim», — dedi Elanga Sky Sports’ga bergan intervyusida.
Uchrashuvning yakuniy hisobini 72-daqiqada Yoan Vissa belgiladi — 2:0.













