«Al-Diriya» hujumchisi Darvin Nunyes «Al-Ittifoq»qa qarshi o‘yinda dubl qayd etib, jamoasining 3:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Urugvaylik forvard 8 va 81-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Bu Nunyesning yangi jamoasi safidagi ilk gollari bo‘ldi. U atigi bir hafta oldin «Al-Hilol»dan ijara asosida «Al-Diriya»ga kelib qo‘shilgan edi.
E’tiborlisi, «Liverpul»ning sobiq hujumchisi qariyb yarim yildan so‘ng ilk bor gol urdi. U bunga qadar so‘nggi marta 16 fevral kuni raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Saudiya Arabistoni chempionatidagi avvalgi goli esa yanvar oyi boshiga to‘g‘ri keladi.
Nunyesning «Al-Diriya»dagi ijara muddati mavsum yakuniga qadar mo‘ljallangan.
«Al-Ittifoq»qa qarshi bahs uning yangi klubi safidagi ikkinchi uchrashuvi bo‘ldi. Debyut o‘yinida u «Al-Xulud»ga qarshi 1:1 hisobida yakunlangan bahsda gol ura olmagan edi.













