Faoliyati davomida O‘zbekiston Superligasining “Navbahor”, “Surxon”, “OKMK” va “Buxoro” jamoalari sharafini himoya qilgan ukrainalik futbolchi Oleksandr Kasyan 38 yoshida vafot etdi. Bu haqda futbolchining sobiq klubi — Rossiyaning “Fakel” jamoasi matbuot xizmati xabar berdi. Klub ma’lumotiga ko‘ra, Kasyanning yuragi to‘xtab qolgan.
Kasyan faoliyatining katta qismini Rossiyada o‘tkazgan. U 2013–2018-yillar davomida “Fakel”, “Tom”, “Ximik”, “Baltika” va “Avangard” klublari safida o‘ynagan. Futbolchi 2019-yilda Namanganning “Navbahor” klubiga qo‘shilgan. Keyinchalik faoliyatini “Surxon”, OKMK va “Buxoro” jamoalarida davom ettirgan. Kasyanning faoliyatidagi so‘nggi klubi “Buxoro” bo‘lgan. U 2023-yilda aynan shu jamoa safida futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
Umuman olganda, futbolchi O‘zbekiston Superligasida jami 102 ta uchrashuvda ishtirok etib, 24 ta gol va 9 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Shuningdek, hujumchi Ukraina yoshlar terma jamoasida ikki uchrashuvda maydonga tushib, bir gol urgan.













