«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh faoliyatini markaziy himoyachi pozisiyasida boshlaganini aytdi. Portugaliyalik futbolchining so‘zlariga ko‘ra, yoshligida u eng oriq va bo‘yi past futbolchilardan biri bo‘lgani uchun buni aql bilan qoplashga harakat qilgan.
«Men faoliyatimni markaziy himoyachi sifatida boshlaganman. Eng oriq va bo‘yi past futbolchi bo‘lganim uchun bu menga foydali edi, deb his qilardim. Chunki hujumchidan oldin harakat qilish uchun aqlimni ishlatishimga to‘g‘ri kelardi», dedi futbolchi.
«Qizil iblislar» sardori mashg‘ulotlarda jamoadoshlari bilan raqobatlashishni yaxshi ko‘rishini ham aytdi. Benjamin Sheshko bilan 50 yardlik sprintda u shaxsiy rekord — 35,5 km/soat tezlikni qayd etdi. Biroq sloveniyalik futbolchi marraga yaqinlashganda 37 km/soat tezlikka chiqib, Fernandeshni quvib yetdi.













