"Liverpul"dan "Levante"ga ijaraga berilgan Ifeani Ndukve Angliyada rasmiy futbol o‘ynash huquqini qo‘lga kiritish uchun La Ligada atigi bitta uchrashuvda maydonga tushishi kerak. Bu haqda jurnalist Jeyms Pirs xabar berdi.
18 yoshli futbolchi "Liverpul"ga Avstriyaning "Austriya Vena" klubidan taxminan 2,6 million funt evaziga o‘tgan. Kelishuvda qo‘shimcha bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Mersisaydliklar Avstriya yoshlar terma jamoasi futbolchisi bilan dastlab 2026 yil yanvarda kelishuvga erishgan va keyinchalik u bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan.
Ndukve "Liverpul"da yaxshi taassurot qoldirgan va hatto jamoa sardori Virjil van Deykning maqtoviga sazovor bo‘lgan.
Biroq futbolchi Buyuk Britaniyada ishlash ruxsatnomasi talablariga javob bermagani sabab joriy mavsumda "Liverpul"da qololmadi.
Shundan so‘ng mersisaydliklar uni "Levante"ga ijaraga berdi. Ispaniya klubi bosh murabbiyi Luis Kastro bu transfer yosh futbolchining rivojlanishi uchun foydali bo‘lishiga klubni ishontirgan.
Endi Ndukvega La Ligada atigi bitta o‘yin o‘tkazish kifoya. Shundan keyin u Angliyada rasmiy musobaqalarda ishtirok etish uchun zarur talablarga javob beradi.
Futbolchining vaziyati yanvarda qayta ko‘rib chiqiladi. "Liverpul" uni jamoaga qaytarish yoki mavsum oxirigacha "Levante"da qoldirish bo‘yicha qaror qabul qiladi.













