Bugun, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 20-turidan o‘rin olgan "Navbahor" — "Lokomotiv" uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Namangan markaziy stadionidagi bahs soat 19:00 da boshlanadi.
Jamoalar O‘zbekiston chempionatlari tarixida hozirga qadar 41 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ularning 20 tasida "Lokomotiv", 16 tasida "Navbahor" g‘alaba qozongan. Yana 5 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati ham "temiryo‘lchilar" foydasiga — 58:55.
O‘zaro qarama-qarshiliklarda "Navbahor"ning eng yirik g‘alabasi 6:2 hisobida qayd etilgan. "Lokomotiv" esa raqibini eng katta hisobda 5:0 natijasi bilan mag‘lub etgan.
Namanganda o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa "lochinlar" sezilarli ustunlikka ega. Bu shahardagi 20 ta bahsning 11 tasida mezbonlar, 6 tasida "Lokomotiv" g‘alaba qozongan, yana 3 uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati — 35:21, "Navbahor" foydasiga.
Qizig‘i, "Lokomotiv" Namanganda "Navbahor"ni so‘nggi marta 2019 yilda mag‘lub etgan. Shundan keyin bu maydonda o‘tkazilgan to‘rtta o‘zaro bahsning barchasida namanganliklar g‘alaba qozongan va birorta ham gol o‘tkazib yubormagan.
Joriy mavsumning birinchi davrasida Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda esa "Navbahor" Vanya Ilich va Ruslanbek Jiyanovning gollari evaziga 2:0 hisobida zafar quchgan.
20-tur oldidan "Navbahor" 37 ochko bilan 3-o‘rinda, "Lokomotiv" esa 31 ochko bilan 6-pog‘onada bormoqda.














