Argentinada Serxio Aguero nomi yana muhokama markazida. Bu safar sobiq futbolchini narkobiznesga aloqador jinoiy guruh o‘z loyihalariga jalb qilishga uringani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Argentinaning Clarín nashri ma’lumotiga ko‘ra, jinoiy guruh vakillari Agueroga bir necha bor turli biznes loyihalarida hamkorlik qilish taklifini bergan.
Aguero esa bu takliflarning barchasini rad etgan. Shuningdek, guruh sobiq futbolchining nomi va u bilan bog‘liq loyihalardan noqonuniy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni legallashtirish maqsadida foydalanish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqqan.
Biroq Aguero bunday takliflarga ham rozilik bermagan.
Bu ma’lumotlar Argentinada jinoiy guruh faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tergov jarayonida aniqlangan. Tergov materiallarida Agueroning nomi guruh a’zolari uni o‘z bizneslariga jalb qilishga uringan shaxs sifatida tilga olinadi.
Shu bilan birga, Aguero ushbu ish bo‘yicha ayblanuvchi ham, gumonlanuvchi ham emas va unga nisbatan tergov olib borilmayapti.
:::













