«Galatasaray» hujumchisi Viktor Osimxen Turkiya chempionatining 4-turida «Istanbul Bashakshexir»ga qarshi o‘yinni (3:2) yakunlay olmadi.
Osimxen 16-daqiqada gol urdi, ammo 33-daqiqada jarohati sabab maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Tanaffusda «sherlar» Mario Leminani ham almashtirdi.
«Futbolchilarimiz Viktor Osimxen va Mario Leminada o‘ng sonning mushaklar guruhida (chov sohasida) cho‘zilish va og‘riq aniqlandi. Davolash ishlari boshlandi. Qo‘shimcha tekshiruv ertaga o‘tkaziladi», — deya xabar berdi «Galatasaray» matbuot xizmati.
Osimxen joriy mavsumda Superliganing 4 ta uchrashuvida 6 ta gol va 2 ta golli uzatma qayd etdi.
9 sentyabr kuni «Galatasaray» Chempionlar ligasidagi ishtirokini «Sporting»ga qarshi safar o‘yini bilan boshlaydi.













