«Chelsi»ning sobiq yarim himoyachisi Frenk Lempard o‘z vaqtida nega «Manchester Siti»ga o‘tgani haqida gapirib berdi. Xavbek «shaharliklar» sharafini 2014 yildan 2015 yilgacha himoya qilgan.
«Men har doim faoliyatimni «Chelsi»da yakunlayman deb o‘ylardim. Bu sodir bo‘lmasligi aniq bo‘lgach va «Manchester Siti»ga o‘tish imkoniyati paydo bo‘lganida, «Chelsi» bilan bog‘liq tarixim sababli amaldagi chempionlar safiga o‘tish fikri meni xavotirga solgan edi. Lekin bu ayni paytda ancha hayajonli ham edi. 35 yoshda bo‘lishimga qaramay, chempionlar meni o‘z safida ko‘rishni istaganidan mamnuniyat his qilgan», — deydi Lempard.
Eslatib o‘tamiz, Lempard 2001 yildan 2014 yilgacha «Chelsi»da to‘p surgan. Frenk «Manchester Siti»da o‘ynab yurgan kezlarida «ko‘klar» darvozasiga gol ham urgan, biroq uni nishonlamagan.













