«Barselona» yozda jamoaga qo‘shilgan Rodrini tarkibga moslashtirishda ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Yarim himoyachi mavsumning dastlabki uchta o‘yinida hali asosiy tarkibda maydonga tushmadi.
Ispaniya terma jamoasidagi sheriklari Pedri va Lamin Yamal asosiy tarkibda muntazam o‘ynayotgan bir paytda, Hansi Flik Rodrining yangi muhitga moslashuv jarayonini bosqichma-bosqich olib bormoqda.
30 yoshli futbolchi hozirgacha ikki marta zaxiradan maydonga tushib, jami 53 daqiqa o‘ynadi. Biroq u bugun «Barselona»ning La Liga 4-turida «Valensiya» mehmoni bo‘ladigan bahsida ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushishi mumkin.
El País ma’lumotiga ko‘ra, Flik Rodrining dastlabki taassurotlaridan juda mamnun bo‘lsa-da, uni tarkibga tezkor ravishda qo‘shishga shoshilmayapti.
Rodri qisqa vaqt ichida murabbiylar shtabi va «Barselona» muxlislarida yaxshi taassurot qoldirdi. Kam o‘yin vaqti olganiga qaramay, uy uchrashuvlarida muxlislar uning ismini kuylamoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Flik mashg‘ulotlardan keyin Rodri bilan alohida ishlab, Tito Vilanova maydonida taktik jihatlarni muhokama qilmoqda. Suhbatlarda «Barselona»ning pressing tizimi va yarim himoyachilarning uzoq masofadan ko‘proq zarba berish zarurati haqida ham gaplashilgan.
Rodri klubga kelganida Flik unga bo‘lgan ishonchini ochiq bildirgan edi.
«U biz bilan o‘ynayotganidan barchamiz juda xursandmiz. Rodri “Barsa” uchun, bizning falsafamiz va futbol o‘ynash uslubimiz uchun ideal futbolchi», — degan Flik.
Murabbiyning hozirgi yondashuvi «Barselona» Rodrini darhol asosiy futbolchiga aylantirish o‘rniga, uni jamoaga bosqichma-bosqich moslashtirishni maqsad qilganini ko‘rsatmoqda.
Rodrining moslashuv jarayonidagi yana bir qiziq jihat — uning Pedri bilan shakllanayotgan munosabati.
El País'ning yozishicha, Ispaniya terma jamoasida o‘ynagan davrda ular o‘rtasida dastlab ma’lum ehtiyotkorlik bo‘lgan. Rodrining maydon markazidagi raqobatni kuchaytirishi Pedrining asosiy tarkibdagi o‘rniga ta’sir qilishi mumkin edi.
Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, jahon chempionati paytida Pedri Rodri bilan yarim himoyada vazifalarni bo‘lishishdan unchalik mamnun bo‘lmagan, chunki bu uning asosiy tarkibdagi o‘rniga xavf tug‘dirishi mumkin edi.
Flik esa aksincha, ikki yarim himoyachining birgalikda o‘ynashini juda kuchli kombinasiya deb hisoblamoqda.
«Ularni “Barselona”da birga o‘ynayotganini ko‘rishni intiqlik bilan kutyapman. Ular juda yuqori darajada o‘ynaydi», — dedi Flik.













