"Manchester Yunayted"ning sobiq bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher jamoaning mavsum boshidagi natijalari va Maykl Kerrik olib borayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.
"Rostini aytsam, bu yomon start emas. Ayniqsa, hali o‘zi kutgan barcha imkoniyatlarga ega bo‘lmagan yangi murabbiy uchun.
Men Mayklga ishonaman. U ajoyib mutaxassis va qanday jamoa qurishga harakat qilayotgani allaqachon ko‘rinib turibdi. Buni jamoaning o‘yini, to‘p bilan harakatlanishi va u singdirayotgan g‘oyalarda ko‘rish mumkin. Bu loyihaning mustahkam poydevori bor.
Men bu jamoaning kelajagini ko‘ryapman. "Manchester Yunayted" yana sovrinlar uchun kurasha olishiga ishonaman. Biroq klubga hali bir nechta kuchaytirishlar kerak. Yanvar juda muhim oyga aylanishi mumkin.
Bu klubni boshqargan inson sifatida bosim darajasini juda yaxshi tushunaman. Bu yerda hamma narsa boshqacha: har bir qaror savol ostiga olinadi, har bir natija esa mayda detallarigacha tahlil qilinadi.
Lekin Maykl o‘ziga ishonishi kerak. "Yunayted"da muvaffaqiyat qozonish uchun o‘z qarorlaringni qabul qilish va ulardan qaytmaslik lozim. Hammani rozi qilishga urinib, bu klubni boshqarib bo‘lmaydi.
U o‘z ishini yaxshi bajaryapti. Hozir eng muhimi — jamoani qurishda davom etish va kerakli qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lish", — dedi Sulsher.













