Angliya terma jamoasidagi uchrashuvlarni ham hisobga olganda, Xarri Keyn o‘tgan mavsumda 73 ta gol urdi. «Bavariya» hujumchisi bu natija bilan «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlardan biri sanalmoqda.
Gollar soni bo‘yicha Keyn Lionel Messiga yaqinlashdi — argentinalik futbolchi 2011/12 yilgi mavsumda «Barselona» va Argentina terma jamoasi safida 82 ta gol urgan. Krishtianu Ronaldu esa o‘sha mavsumda «Real» va Portugaliya terma jamoasi uchun 69 ta gol qayd etgan.
«Men Messi va Ronaldu hukmronlik qilgan davrda ularning o‘yinlarini kuzatib katta bo‘lganman. Ularning gollari soni menga aqlbovar qilmasdek tuyulardi va haqiqatan ham shunday. Ular avlodimizning, ehtimol, umuman futbol tarixining eng buyuk ikki futbolchisi. Ularning natijalari fonida 73 ta gol men uchun ancha ta’sirli ko‘rsatkich», — dedi Keyn TNT Sports’ga.













