JCH-2026 ham tabiiy ravishda ba’zi futbolchilarni siyladi, kimlarnidir ranjitdi, albatta. Jumladan, yakuniga yetgan mundial maydonda asosan aqlga tayanib harakatlanishi va yetakchilik fazilatlari bilan millionlab muxlislar qalbidan joy olgan Luka Modrich uchun kutilgan darajada yaxshi chiqmadi. Zero, 2018 yilgi futbol forumida finalga yetib borgan, Qatar-2022da esa bronza medalini qo‘lga kiritgan Xorvatiya milliy jamoasi bu safar 1/16 finalda Portugaliya termasi to‘sig‘idan o‘tolmadi. La Gazzetta dello Sport nashri ijodkorlari esa «Milan» ixtiyoriga qaytib, amaldagi shartnomasi muddatini uzaytirgan va yangi mavsumga katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘ra boshlagan tajribali yarim himoyachini suhbatga tortib, undan aynan JCH taassurotlari va kelajak rejalari haqida so‘rashdi.
— Luka, JCH-2026dagi biroz muvaffaqiyatsiz ishtirokdan so‘ng o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
— Ochig‘ini aytish kerak, jahon chempionatida yuqori natija qayd etish borasida hech qanday kafolat bo‘lmaydi. Jamoamiz oldiga qo‘yilgan bajarilishi shart vazifa esa guruhdan chiqish edi. Xayriyatki, turnirda «pley-off»ga o‘tish missiyasini uddaladik. Aks holda, mundialdagi ishtirokimiz katta omadsizlik sifatida baholanardi. Umuman olganda, jamoamiz o‘yin bobida chakki ko‘rinmadi, ammo «pley-off»da biroz ruhiyat va ijrochilik mahorati yetishmagani pand berdi. Yana nima derdim, milliy jamoamiz barchasidan to‘g‘ri xulosa chiqarib, o‘sishda davom etishi kerak. Futboldagi ichki imkoniyatlarimizni yaxshi bilamiz va o‘z kuchimizga to‘liq ishonamiz. Agar maydonda bor kuchimizni sarflash va oxirigacha kurashishga odatlansak, natijalar yana keladi, albatta.
— To‘g‘risi, ayrim mutaxassislar Xorvatiya termasining bu gal mundialda muvaffaqiyatli ishtirok etishiga oldindan uncha ishonishmagandi...
— Ehtimol... Lekin o‘zimiz hech qachon imkoniyatimiz va salohiyatimizga shubha bilan qaramaganmiz. Qolaversa, bosqichdan-bosqichga yaxshiroq o‘ynay boshlashimizni oldingi musobaqalarda to‘liq isbotlaganmiz. Ishonchim komil, yakunlangan mundialda ham raqiblar biz bilan to‘qnash kelishdan biroz hayiqishdi. Qolaversa, tan olish kerak, ilk «pley-off» chig‘irig‘idagi raqibimiz Portugaliya termasi tom ma’noda musobaqa favoritlari qatorida edi.
— Xorvatiya milliy jamoasi JCH davomida kuchli bosim ostida o‘ynagandek taassurot uyg‘otdi. Bu o‘zinglarga ham sezildimi?
— Ha, albatta. Chunonchi, 2018 va 2022 yilgi JCHda muvaffaqiyatli ishtirok etganimiz ta’sirida muxlislar bizdan yana yuqori natija kutishgandi. Umuman, istalgan raqibni mag‘lub eta olishimizga ishonib, barchani g‘alabali yurishlarga o‘rgatib qo‘yganimiz ham rost. Ammo reallikda har doim ham yuqori kutilmalarni oqlash imkonsizdir. Ortiqcha bosim esa futbolchida ichki havotirni keltirib chiqaradi va bu o‘yinga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘z o‘rnida alohida qayd etishim kerak, Xorvatiya milliy jamoasining so‘nggi yillar xalqaro maydonda qayd etgan natijalari yuksak e’tirofga munosib. Axir jamoamiz ketma-ket 3ta yirik turnirda yuqori darajada raqobatbardosh ekanligini amalda isbotladi. Oddiy aytganda, milliy jamoamiz bu davrda jahon futbolining eng kuchli termalari qatorida gavdalandi.
— Xorvatiya termasining JCH-2026 doirasidagi o‘yinlarida ikki muammo ko‘zga tashlandi: standart vaziyatlardan gol qo‘yib yuborish va suv ichish uchun belgilangan qisqa tanaffusdan keyin yuqori sur’atni qaytarolmaslik...
— Qisqa tanaffusdan keyin o‘yin ritmiga qaytishda qiynalganimiz rost va bu masalada haqsiz. O‘ylaymanki, mutaxassislar barchasini obdon tahlil qilib chiqishadi. Standart vaziyatlarga kelsak, hech bir jamoa raqibning jarima zarbalarida gol qo‘yib yubormaslikdan sug‘urtalanmagan. Jumladan, bizniki ham. Umuman, futbolda vaziyatlar har doim ham siz o‘ylagandek rivojlanmaydi. Demoqchimanki, ushbu elementni ortiqcha bo‘rttirish noo‘rin. Boz ustiga, mundialda o‘zimiz ham standart vaziyatdan gol urdik. Inobatga olish kerakki, bunday holatda himoyalanayotgan jamoa ozgina omadga ham ehtiyoj sezadi.
— Endi klub futboliga qaytamiz: yaqinda «Milan» bilan kelishuvingiz muddatini yana bir yilga uzaytirdingiz. Kelajak rejalaringiz haqida nima deya olasiz?
— Yoshim o‘tib borayotgani, futboldagi vaqtim yakunlanayotganini yaxshi anglab turibman. Tan olishdan boshqa choram yo‘q: futbolchilik faoliyatim tobora o‘zining ufqiga yaqinlashmoqda. Shunday ekan, endi har bir mashg‘ulot, o‘yin va lahzadan maksimal darajada zavq olishim kerak. Xullas, ixtiyorimda qolgan vaqtdan imkoni boricha to‘g‘ri foydalanishni istayman. Yana bir yildan keyin nima bo‘lishini esa o‘shanda bilib olamiz...
Manba: acmilanfan.ru, XURSHIDBEK tayyorladi













