«Barselona»ning sobiq himoyachisi Jerar Pike TikTok foydalanuvchisining kataloniyaliklarga hakamlar yordam beradi, degan mazmundagi izohiga javob qaytardi.
«Ha, «Barselona» g‘alaba qozonishining faqat bitta yo‘li bor — juda yaxshi futbol o‘ynash. Aynan shuning uchun ham bizni e’tirof etishadi. Biz yaxshi futbol namoyish etib, ko‘plab chempionliklar, Chempionlar ligasi sovrinlari va trebllarni qo‘lga kiritganmiz.
Hakamlar mavzusini esa doim sizlar ko‘tarasizlar. Masalan, «Yuventus»ga qarshi Chempionlar ligasi finalini eslashim mumkin, o‘sha o‘yinda Miyatovichning goli qoida buzilishi bilan urilgan edi.
Yoki «Atletiko»ga qarshi ikki finaldan birini olaylik — Serxio Ramosning goli ofsayddan urilgan va u ham qonuniy emasdi.
Hakamlik xatolari juda ko‘p bo‘lgan, ammo umuman olganda, tarixan ular biroz ko‘proq «Real» foydasiga ishlagan», — dedi Pike.













