«Barselona» va Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Dani Olmo jahon chempionatida g‘olib chiqqanidan keyingi his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
«O‘yinning so‘nggi daqiqalarida nima bo‘layotganini anglashning iloji yo‘q. Ammo hakam final hushtagini chalganida, xayolingga: «Biz uddaladikmi? Biz haqiqatan ham chempion bo‘ldikmi?» degan fikr keladi.
Shunda bu hisni biroz kuchliroq anglay boshlaysan. Kubokni ko‘targaningda esa yanada kuchliroq his qilasan. Keyin oilangni, ularning reaksiyasini ko‘rasan. Men tez-tez yig‘laydigan inson emasman, ammo…», — dedi Olmo The Guardian nashriga bergan intervyusida.
«Bu seni o‘zgartiradi, hayotingni o‘zgartiradi. Haligacha bu voqeaning ahamiyatini to‘liq anglab yetdikmi, bilmayman. Boshqa stadionlarda seni olqishlab kutib olishganida nimagadir erishganingni tushunasan, ammo barchasini to‘liq anglash uchun vaqt kerak bo‘ladi.
Bolaligimda 2010 yilgi avlodni yetib bo‘lmas darajada deb o‘ylardim — Inyesta, Xavi, Buskets, Xabi Alonso, Vilya… haqiqiy afsonalar. Biz o‘sha avlodga qarab ulg‘aydik va ular bizga qanchalik ko‘p quvonch hadya etganini eslab, sog‘inar edik. Endi esa o‘zimiz ham shunday futbolchilar qatoriga kirganimiz ma’lum bo‘lmoqda», — dedi Olmo.
Ispaniya so‘nggi jahon chempionati finalida Argentinani qo‘shimcha vaqtda 1:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.













