O‘zbekiston Superligasining 21-turidan o‘rin olgan OKMK — "Paxtakor" uchrashuvi yakunlandi. Olmaliqdagi bahsda mehmonlar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
"Paxtakor" uchrashuvni juda faol boshladi va 4-daqiqadayoq hisobni ochdi. Dilshod Saitovning uzatmasidan keyin Ayman Hussayn to‘pni darvozaga yo‘lladi.
24-daqiqada iroqlik hujumchi endi assist muallifiga aylandi — uning uzatmasini Ibrohim Ibragimov golga aylantirib, farqni ikkitaga yetkazdi.
Ikkinchi bo‘limning 64-daqiqasida Dostonbek Hamdamov Abdurauf Bo‘riyevning pasidan keyin "Paxtakor"ning uchinchi golini urdi.
OKMK 81-daqiqada bitta golga javob qaytardi. Giorgi Papava Ahmadullo Muqumjonovning uzatmasidan unumli foydalandi, ammo bu mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolmadi.
Shu tariqa, "Paxtakor" Olmaliqda muhim g‘alabaga erishdi — 1:3. Ayman Hussayn uchrashuvni bir gol va bir golli uzatma bilan yakunladi.













