O‘zbekiston Superligasining 21-turi doirasidan o‘rin olgan uchrashuvda "Navbahor" safarda “Buxoro” mehmoni bo‘ladi.
Mazkur klublar Superliga (oliy liga) o‘yinlarida 63 marta o‘zaro ro‘baro‘ kelgan. Ushbu 63 ta bahsdan 35 tasida jamoamiz g‘alaba qozongan bo‘lsa, 18 ta uchrashuvda buxoroliklar zafar quchishgan, 10 ta o‘yinda esa durang qayd etilgan.
“Navbahor” shu kunga qadar o‘zaro bahslarda 112 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 68 marta to‘p olib chiqqan. Ushbu klublarning o‘zaro o‘yinlarida namanganliklar 115 ochkoni, buxoroliklar esa 64 ochkoni qo‘lga kiritishgan.
O‘zaro uchrashuvlardagi eng yirik hisob 2001 va 2025 yillar mavsumida kuzatilgan. 2001 yili Namanganda o‘tkazilgan o‘yinda “lochinlar” 6:1 hisobida g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, buxoroliklar esa o‘tgan yilgi mavsumda jamoamizni o‘z maydonlarida 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishgan.
Shu kungacha Buxoroda bo‘lib o‘tgan 31 ta bahsning 13 tasida mezbonlar, 11 tasida esa namanganliklar zafar quchishgan. Yettita uchrashuvda esa tomonlar durangga imzo chekishgan. Buxoroliklar o‘z maydonlarida bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda namanganliklar darvozasiga 46 ta to‘p kiritib, o‘z darvozalaridan 43 ta to‘p olib chiqishgan.
Eslatib o‘tamiz, “Buxoro” – “Navbahor” bahsi Buxoro shahridagi “Buxoro” SM stadionida 11 sentyabr kuni soat 19:00da start oladi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.













