«Real» darvozaboni Tibo Kurtua klub bilan shartnomasini uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda jurnalist Fabrisio Romano xabar berdi.
34 yoshli belgiyalik futbolchining amaldagi shartnomasi 2026/27 yilgi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Yangi kelishuv esa kamida yana bir mavsum — 2028 yil yozigacha amal qilishi kutilmoqda.
Kurtua 2018 yil yozidan buyon «Real» sharafini himoya qilib kelmoqda. U Madrid klubi safida barcha musobaqalar hisobida 338 ta o‘yin o‘tkazgan va shularning 130 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.
Kurtua «Real» bilan uch marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, ikki marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan. Shuningdek, u uch martadan Ispaniya Superkubogi va UYEFA Superkubogini, bir martadan Ispaniya kubogi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati va Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan.













