Angliya Premyer Ligasining 2026/27 yilgi mavsumi 4-turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Chelsi” o‘z maydonida “Xall Siti” bilan durang qayd etdi. “Stemford Bridj” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Squawka portal xabariga ko‘ra, “Chelsi” so‘nggi 65 yil ichida ilk bor APL doirasidagi ketma-ket 20 ta o‘yinda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi.
Uchrashuvda londonliklar 7-daqiqada Morgan Rojersning goli evaziga hisobni ochdi. 28-daqiqada Muhammad Bellumi muvozanatni tiklagan bo‘lsa, 34-daqiqada dubl qayd etdi. 66-daqiqada Joau Pedro gol urib, “Chelsi”ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Morgan Rojers “Chelsi” tarixida Premyer Liga mavsumining dastlabki to‘rtta uchrashuvining har birida gol urgan yoki golli uzatma bergan beshinchi futbolchiga aylandi. Avval bunday natijani Didye Drogba (2010/11), Sesk Fabregas (2014/15), Diyego Kosta (2014/15 va 2016/17) hamda Eden Azar (2018/19) qayd etgan.
Shuningdek, avgust oyida Joau Pedro futbol tarixida jamoasining APL mavsumidagi dastlabki ikki uchrashuvining har birida gol urib, assist qayd etgan uchinchi futbolchiga aylangandi. Bungacha bunday natijaga faqat “Vest Hem” futbolchilari Said Benrahma va Maykl Antonio 2021/22 yilgi mavsumda erishgan. Pedro “Xall Siti”ga qarshi bahsda ham gol va golli uzatma qayd etdi.
Ushbu durangdan so‘ng “Chelsi” 7 ochko bilan Angliya chempionati turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda. 8 ochko jamg‘argan “Xall Siti” esa 3-pog‘onani egallab turibdi.
Keyingi turda “Chelsi” 18 sentyabr kuni safarda “Brentford”ga qarshi maydonga tushadi. “Xall Siti” esa 19 sentyabr kuni mehmonda “Nyukasl Yunayted” bilan bahs olib boradi.













