Yakshanbaga o‘tar kechasi MLS doirasida «Inter Mayami» va «Neshvill» jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
«Inter Mayami»ning gollaridan biri Lionel Messi hisobiga yozildi. Shu tariqa, argentinalik yulduzning klub safidagi gollari soni 99 taga yetdi. Endi Messiga «Inter Mayami» uchun yubiley — 100-golini urishga atigi bitta to‘p qoldi.
Messi 99 ta gol urish uchun 114 ta uchrashuv o‘tkazgan. U MLS jamoasi safida 2023 yil yozidan buyon to‘p tepmoqda.
Bunga qadar Lionel Messi Yevropada «Barselona» va «PSJ» klublarida faoliyat yuritgan.
Argentinalik futbolchi yaqinda «Oltin to‘p» mukofotiga ham nomzodlar qatoriga kiritildi. Messi ushbu sovrinni sakkiz marta qo‘lga kiritgan va bu borada rekord sohibi hisoblanadi.













