«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoaning pressingdan foydalanib o‘ynashi haqidagi savolga javob berdi.
— Yuqori pressing va raqib maydonining yuqori qismida to‘pni qaytarib olish siz o‘zingiz boshqarayotgan «Real»da ko‘rishni istaydigan asosiy xususiyatlardan biri, deb aytish mumkinmi? Bunday o‘yinni 90 daqiqa davomida qanday saqlab qolish mumkin?
«Menimcha, 90 daqiqa davomida yuqori pressing qilishning iloji yo‘q. Bu bizning uslubimiz emas, ko‘plab jamoalarda ham bunday emas. Biz yuqorida joylashganimizda shunday harakat qila olishimiz kerak. Pastroq joylashganimizda esa boshqacha harakat qilishni bilishimiz zarur. Himoyada yanada mukammal jamoa bo‘lish uchun har ikki usulni ham qo‘llay olishimiz kerak.
Men past blokda himoyalanishni yoqtirmayman, ammo ayrim futbolchilar va jamoalarning o‘ziga xos xususiyatlari bunday uslubga ko‘proq mos keladi. Men o‘zimga yoqadigan narsalar bilan futbolchilarimning sifatlari o‘rtasida ziddiyat bo‘lishini istamayman. Jamoamizni belgilab beradigan uslubni topishga harakat qilaman. Men uchun bu — yuqori pressing qilish, to‘pni yuqorida qaytarib olish va hujumdan himoyaga o‘tish jarayonida raqibni uch-to‘rt soniya ichida jazolay olish qobiliyati.
Raqibning o‘z kuchli jihatlari bo‘lishi mumkin, ammo men jamoamiz: «Mayli, biz qarshi hujumlarda kuchlimiz va tezkor hujumda raqibni jazolay oladigan futbolchilarimiz bor, shuning uchun past blokda himoyalanaylik», deb o‘ylashini istamayman. Bunday fikrlashni xohlamayman. Muvozanatni izlash kerak», — dedi Mourinyo matbuot anjumanida.
Dam olish kunlari «Real» «Rayo Valyekano»ni 4:1 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi.













