Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni chempionati doirasida Ruben Neveshga qarata uning marhum do‘sti va sobiq jamoadoshi Diogu Jota nomini aytib, haqoratli hayqiriqlar qilgan muxlislarni stadionlardan umrbod chetlatish kerak, deb hisoblaydi.
Ushbu noxush voqea 12 sentyabr, shanba kuni Burayda shahrida “At-Taavun” hamda Nevesh to‘p surayotgan “Al-Hilol” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda yuz berdi.
Diogu Jota 2025-yilning 3 iyulida Ispaniyaning Samora shahrida ukasi Andre Silva bilan birgalikda mudhish avtohalokatga uchrab vafot etgan edi. Jotaning yaqin do‘sti bo‘lgan Nevesh uning dafn marosimida tobutkashlardan biri bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda stadiondagi ba’zi muxlislar Neveshga qarata “Jota” deb hayqirayotganini ko‘rish mumkin. O‘yindan so‘ng mikst-zonadan o‘tayotgan portugaliyalik yarimhimoyachi voqeaga shunday munosabat bildirdi: “Umid qilamanki, ular shundan keyin ibodat qilgani borishmaydi”.
Ushbu holat aks etgan videoga Krishtianu Ronaldu keskin izoh qoldirdi.
“Liga bu kabi muxlislar xatti-harakatiga chora ko‘rishi va ularni jazolashi shart. Bu endi futbol emas, buning chegarasi bo‘lishi kerak. O‘zini shunday tutadigan insonlarni boshqa hech qachon stadionga kiritmaslik lozim”, deb yozadi Ronaldu.
“Al-Hilol” klubi ushbu voqea yuzasidan Saudiya Arabistoni Futbol Federasiyasiga rasmiy shikoyat kiritganini e’lon qildi.
“Klub futbolchilar yoki ularning oila a’zolarini nishonga oluvchi, shuningdek, shaxsiyatiga tegishga qaratilgan har qanday harakatlarni mutlaqo qoralaydi”, deyiladi “Al-Hilol” bayonotida.
Shuningdek, mezbon “At-Taavun” klubi ham holatga o‘z munosabatini bildirib, qoidabuzar muxlislarning harakatini keskin qoraladi. Bayonotda bunday xatti-harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmas ekanligi, bu “At-Taavun” jamoasi, uning haqiqiy muxlislari hamda klub qadriyatlariga umuman to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlangan. Klub ushbu holat takrorlanmasligi va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun tegishli organlar bilan hamkorlikda barcha zarur choralarni ko‘rishini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu uchrashuvda “Al-Hilol” 6:0 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Nevesh esa maydonda 75 daqiqa harakat qildi.













