«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh klub bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokara olib bormoqda, ammo tomonlar hozircha kelishuv muddati borasida bir to‘xtamga kela olmagan.
«Qizil iblislar» sardori faoliyatini «Old Trafford»da yakunlashni istamoqda. Klub esa unga nisbatan qisqaroq muddatli shartnoma taklif qilmoqchi.
«Manchester Yunayted» Brunuga yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bilan uch yillik shartnoma taklif qilishga tayyor. Bu holatda portugaliyalik futbolchi klubda 2029 yilga qadar qolishi mumkin. Biroq uning vakillari uzoqroq muddatli kafolatni istamoqda.
Muzokaralarda moliyaviy masala ham muhim o‘rin tutmoqda. Tomonlar futbolchining maoshini sezilarli darajada oshirish imkoniyatini ham muhokama qilmoqda.
Klubdagilar muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolmaganini ta’kidlamoqda, ammo kelishuvga erishish hozircha yaqin emas.
«Manchester Yunayted» yangi shartnoma shartlarini belgilashda Muhammad Saloh va Virjil van Deyk bilan tuzilgan uzoq muddatli kelishuvlar tajribasini ham inobatga olmoqda.













