«Manchester Yunayted» 15 yoshli iqtidorli futbolchi Jey Jey Gabrielni yaqin orada yo‘qotib qo‘yish ehtimolidan xavotirda.
Xabarlarga ko‘ra, Gabriel 6 oktyabr kuni 16 yoshga to‘lganidan so‘ng Irlandiya pasportidan foydalanib, FIFA roziligi bilan Yevropa klublaridan biriga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin.
Vaziyat shu hafta futbolchining mashg‘ulotda ishtirok etishdan bosh tortishi ortidan yanada keskinlashgan. Uning vakillari «Manchester Yunayted»dan futbolchining klubdagi ro‘yxatdan o‘tgan maqomini bekor qilishni so‘ragan, ammo klubdagilar buni qonuniy jihatdan amalga oshirib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.
Gabrielning Chempionlar ligasida «Sabah»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritilmagani ham vaziyatga ta’sir qilgani aytilmoqda. Shu kuni u «Manchester Yunayted»ning 21 yoshgacha bo‘lgan jamoasi safida xet-trik qayd etgan.
15 yoshli futbolchiga «Barselona», «Chelsi» va «Real» qiziqish bildirmoqda.
«Manchester Yunayted» Gabrielning rivojiga katta mablag‘ va resurs sarflagani sabab uni tekinga qo‘yib yuborishni istamaydi. Klub futbolchini saqlab qolish yoki ehtimoliy ketish holatida munosib kompensasiya olish maqsadida muzokaralarni davom ettirmoqda.













