O‘zbekiston Kubogi 1/8 final bosqichida OKMK o‘z maydonida "Xorazm"ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda hisob 60-daqiqada ochildi. Hakam belgilagan penaltini Siavash Haqnazariy aniq amalga oshirib, OKMKni oldinga olib chiqdi.
"Xorazm" bahsning 86-daqiqasida javob qaytardi. Zaxiradan maydonga tushgan Umidbek Sultonov hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Bahs taqdiri qo‘shib berilgan daqiqalarda hal bo‘ldi. 90+10-daqiqada OKMK yana penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi va Haqnazariy ikkinchi bor nuqtadan xatoga yo‘l qo‘ymadi — 2:1.
Shu tariqa, Siavash Haqnazariyning dubli OKMKga qiyin g‘alaba va O‘zbekiston Kubogi chorak finali yo‘llanmasini taqdim etdi.













