Fransiya futbol federasiyasi Zinedin Zidan boshchiligidagi milliy terma jamoaning yangi shtabi tarkibidan Mark Rittalini chiqarib tashladi. Bu qaror Zidanning terma jamoadagi ilk o‘yinidan oldin qabul qilingan, deya xabar berdi L’Equipe.
Rittali jamoaning tibbiy shtabiga qo‘shilishi kerak edi. Biroq uning avgust oyi o‘rtalarida bergan intervyusi ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘lgan.
Mutaxassis intervyuda Zidan shtabidan taklif olganidan xursand va hayratda ekanini aytgan. Ammo ushbu intervyu Fransiya futbol federasiyasi bilan kelishilmagan va shu tariqa Rittali maxfiylik bo‘yicha majburiyatni buzgan. Uning o‘rniga boshqa mutaxassis topilgan.
Zinedin Zidan 29 iyul kuni Didye Deshamning o‘rniga Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan. Uning shartnomasi 2030 yil 30 iyungacha amal qiladi.
Fransiya Zidan qo‘l ostidagi ilk o‘yinini 25 sentyabr kuni Millatlar ligasida Turkiyaga qarshi o‘tkazadi. Keyin jamoa 29 sentyabrda Belgiya, 2 oktyabrda Italiya va 5 oktyabrda yana Belgiya bilan bahslashadi.













