Ispaniya terma jamoasining sobiq darvozaboni Santyago Kanisares "Barselona"ning o‘yini yaxshilanishi va "Real"ga jiddiy raqobat ko‘rsatayotganini Xansi Flikning xizmati deb hisoblamoqda.
Kanisares Flikni Pep Gvardiola va Luis Enrike bilan taqqoslash haqida fikr bildirib, nemis mutaxassisining jamoaga ta’sirini alohida ta’kidladi.
"Aynan u "Real" uchun muammo yaratmoqda. "Barselona"da boshqa murabbiylar ham ishlagan, ammo ularning hech biri qo‘l ostida jamoa hozirgidek o‘ynamagan", — dedi Kanisares.
Uning fikricha, xuddi shu tarkib Ronald Kuman yoki Xavi qo‘l ostida bunday natijalarga erisha olmas edi.
"Yaxshi murabbiylar kuchli futbolchilardan yuqori darajadagi o‘yinni chiqara oladi. Yomon murabbiylar esa tarkib chuqurligi yetarli emasligidan shikoyat qiladi.
Biz bu futbolchilarning bunday o‘yinini ko‘rmagan bo‘lardik. Aynan Flik farq yaratmoqda", — dedi Kanisares.













