Hafta o‘rtasida «Barselona» «Rasing»ni qabul qilib, 7:2 hisobida yorqin g‘alabaga erishdi. Ammo kataloniyaliklar uchun noxush holat ham kuzatildi — darvozabon Joan Garsiya jarohat oldi va tanaffusdan so‘ng uning o‘rniga Voysex Shesni maydonga tushdi.
El Nacional ma’lumotiga ko‘ra, «Barselona» sport direktori Deku bosh murabbiy Xans-Diter Flik nega Dominik Livakovich emas, aynan Shesnini maydonga tushirganini tushunmagan. Livakovich yozda aynan Deku tashabbusi bilan darvozabonlar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish uchun jamoaga olib kelingan edi.
«Deku jismonan yaxshi tayyorlangan, raqobatbardosh va muhim o‘yinlarda Joan Garsiyaning yo‘qligi deyarli sezilmaydigan darajada harakat qila oladigan darvozabonni jamoaga olib kelishni istagan. Ammo Flik klub rejasiga amal qilish o‘rniga, Shesniga ishonishda davom etdi», — deyiladi manba xabarida.
Qayd etilishicha, Deku agar Garsiya maydonga tusha olmagan paytda ham Livakovichga imkoniyat berilmasa, uning transferi ma’nosiz bo‘lib qoladi, deb hisoblamoqda. Bundan tashqari, klub ichida Livakovich Shesniga qaraganda yaxshiroq jismoniy holatda ekani haqida fikrlar ham bor.
Bu esa Flikning qarorini yanada tushunishni qiyinlashtirmoqda. Ko‘rinishicha, murabbiy Livakovichni darvozabonlar iyerarxiyasida uchinchi o‘ringa qo‘ygan.
31 yoshli xorvatiyalik darvozabon ham vaziyatga oydinlik kiritilishini istamoqda. U ikkinchi raqamli darvozabon bo‘lish uchun nima qilishi kerakligini va umuman bu pozisiya uchun raqobat bor-yo‘qligini bilishni xohlaydi.
Deku esa Flikka tarkib bo‘yicha qarorlarni majburan qabul qildirish niyatida emas. Biroq u yangi futbolchilar nima maqsadda xarid qilingan bo‘lsa, shunga mos ravishda imkoniyat olishi kerak, deb hisoblaydi. Livakovichning uchinchi darvozabon maqomida qolishi esa klub ichida norozilik uyg‘otmoqda.













