«Real» va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe Nike kompaniyasi bilan deyarli 20 yillik hamkorlik yakunlangani haqida bayonot e’lon qildi — endilikda forvard Shveysariyaning On brendi yuziga aylanadi.
«Birgalikda 20 yil. Har doim bir xil orzu. Bir xil ishtiyoq. Ba’zi qarorlarni qabul qilish boshqalaridan ko‘ra qiyinroq kechadi. Nike bolaligimdanoq hayotimning bir qismi bo‘lgan. Bu tarix men yetti yoshda bo‘lganimda boshlangan. O‘sha yoshda orzularim ko‘p edi... lekin, albatta, birgalikda nimalarni boshdan kechirishimizni xayolimga ham keltira olmagandim.
20 yil davomida Nike yo‘limning har bir bosqichida yonimda bo‘ldi: Bondilik bolakay, ilk qadamlarim, birinchi yirik o‘yinlarim, g‘alabalar va mag‘lubiyatlar ham. Fransiya terma jamoasi, jahon chempionati. Va mening bugungi futbolchi va inson sifatida shakllanishimga sabab bo‘lgan barcha lahzalar. Biz mening tarixim, orzularim va qayerdan kelib chiqqanim haqida so‘zlaydigan butsalarni yaratdik. Meni eng ko‘p faxrlantiradigan narsalardan biri — keyinchalik ularni millionlab bolalar kiyganini ko‘rish bo‘ldi: axir ularda tez-tez o‘zimni ko‘rardim.
Nike menga bergan barcha narsalarni, men uchratgan insonlarni, dunyo mening kimligimni bilishidan ancha oldin menga ishongan barchani hech qachon unutmayman. Bugun, 20 yillik birgalikdagi mehnatdan so‘ng, yo‘llarimiz ayrilmoqda. Ammo bunday tarix shunchaki o‘z nihoyasiga yetgani uchun yo‘qolib ketmaydi. U — mening kimligimning bir qismidir. Shu sababli shunchaki rahmat aytmoqchiman. Ishonch uchun rahmat. Xotiralar uchun rahmat. Ushbu yigirma yil uchun rahmat.
Orzularni amalga oshirish uchun jasorat kerakligiga hamisha ishonganman. Bugun tariximning yangi bobi boshlanmoqda. Va, xuddi bolaligimdagidek... men hali ham orzu qilishda davom etmoqdaman», — deyiladi Mbappening bayonotida.













