«Barselona» prezidenti Joan Laporta Xulian Alvaresning ehtimoliy transferi yuzasidan «Atletiko» bilan olib borilgan muzokaralar qanday kechgani haqida gapirdi.
«Ular o‘zlarini xafa bo‘lgan tomondek ko‘rsatishdi, holbuki, o‘z xatti-harakatlarini oqlay olishmasdi. Biz odatda bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutilsa, xuddi shunday ish qildik: avvalo klublar o‘rtasida aloqa bo‘ldi, keyin esa men shaxsan «Atletiko» bosh direktori Migel Anxel Xil bilan bog‘landim.
U menga Xulian jamoani tark etmasligini aytdi, chunki ularda uning o‘rnini bosa oladigan futbolchi yo‘q ekan. Keyin esa ularning munosabati noo‘rin tus oldi.
Bu nima bilan bog‘liq bo‘lganini bilmayman. Ayrim taxminlarim bor, ammo buni tasdiqlaydigan dalillarim yo‘q. Bizga Xulianni «Barselona»dan boshqa istalgan klubga sotishlari mumkinligi haqida ma’lumotlar kelib tushgandi. Keyin esa ular niqobni yechib, buni ochiqchasiga aytdi», — dedi Laporta.













