«Barselona» hujumchisi Rafinya La Ligada ketma-ket ikki uchrashuvda xet-trik qayd etdi.
Braziliyalik futbolchi avval «Rasing»ga qarshi 7:2 hisobida yakunlangan o‘yinda uchta gol urgan bo‘lsa, keyingi turda «Sevilya»ga qarshi 3:1 hisobidagi g‘alabada ham xet-trik muallifi bo‘ldi.
Rafinya La Ligada bunday natijaga erishgan so‘nggi yillardagi ilk futbolchi bo‘ldi. Bungacha ketma-ket ikki uchrashuvda xet-trik qayd etgan so‘nggi o‘yinchi «Atletiko» hujumchisi Antuan Grizmann bo‘lib, u bu natijani 2017/18 mavsumida qayd etgan.
La Liga tarixida ketma-ket ikki o‘yinda xet-trik qayd etilgan 30 ta holat bo‘lgan. «Barselona» futbolchilari orasida Rafinyagacha bunday natijaga faqat Lionel Messi uch marta va Luis Suares bir marta erishgan.
La Liga tarixida esa faqat ikki futbolchi ketma-ket uchta o‘yinda xet-trik qayd etgan. «Ovyedo» hujumchisi Isidro Langara 1934/35 mavsumida, «Atletik» afsonasi Telmo Sarra esa 1946/47 mavsumida shunday natija ko‘rsatgan.













