«Sevilya» bosh murabbiyi Luis Garsiya Plasa «Barselona» hujumchisi Rafinya Diasning o‘yinidan hayratda qolganini aytdi.
Shanba kuni kataloniyaliklar sardori «Ramon Sanches Pisxuan» stadionida xet-trik qayd etib, jamoasiga 3:1 hisobidagi g‘alabani keltirdi.
«Futbolda shunday narsalar borki, men ularni umuman tushuna olmayman. Qanday qilib Rafinya «Oltin to‘p» uchun 30 nafar nomzod qatoriga kirmadi?! Men buni tushunmayman», — deya Luis Garsiya Plasaning so‘zlarini jurnalist Fabrisio Romano keltirmoqda.
Mavsum boshidan buyon Rafinya «eng yaxshi davridagi» Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu darajasida sermahsullik ko‘rsatmoqda. U mavsumning dastlabki sakkizta o‘yinida 14 ta gol urib, yana 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
29 yoshli hujumchining o‘zi ham «Oltin to‘p» nomzodlari ro‘yxatiga kirmaganini nohaq qaror deb hisoblamoqda.













