"Arsenal" bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premyer-ligasida "Brayton"dan 0:3 hisobida uchralgan mag‘lubiyatdan keyin fikr bildirdi.
"Brayton" g‘alabaga munosib edi. O‘yinning uzoq vaqt davom etgan qismlarida, ayniqsa birinchi bo‘limda, biz eng oddiy va asosiy vazifalarni noto‘g‘ri bajardik. Yetarlicha yakkakurash va ikkinchi to‘plarni yuta olmadik, bunday holat esa muammo keltirib chiqaradi.
Pressing qilishga intiladigan jamoaga qarshi o‘yinda asosiy tamoyillarga amal qilmadik. Shu sabab doimiy bosim ostida qoldik va odatdagidek bu bosimdan chiqib keta olmadik. Ko‘p narsani qayta ko‘rib chiqishimiz va bu o‘yindan saboq olishimiz kerak. Bugun juda xafamiz.
Raqibga munosib baho berish kerak. Ular har bir vaziyatda juda fidoyilik bilan harakat qildi. Biz esa o‘z standartlarimizdan ham, umuman APLda qabul qilingan darajadan ham past o‘ynadik. Bunday jihatlarda kamchilikka yo‘l qo‘yib, muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.
"Brayton"ni tabriklayman. Bu biz uchun muhim saboq. Biz olti-etti hafta davomida juda yuqori darajada edik, ammo bugun jiddiy saboq oldik", — dedi Arteta BBC Radio 5 Live efirida.
Eslatib o‘tamiz, "Arsenal" APLda 2023 yil mayidan beri ilk bor yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi.













