Professional boksning super ogir vazn toifasi sobiq Jahon chempioni Tayson Fyuri yana bir sobiq chempion Entoni Joshua bilan uzoq kutilgan jangi dekabr oyida UYElsning Kardiff shahridagi Principality Stadium”da o‘tkazilishi mumkin. Tomonlar jangni tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash arafasida turibdi.
“Britaniya jangi” nomini olgan ushbu qarama-qarshilikni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar so‘nggi oylarda bir necha bor to‘xtab, yana davom etgan. Asosiy masalalardan biri jangning Buyuk Britaniya yoki AQSHda o‘tkazilishi bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lgan.
Joshua va uning promouteri Eddi Xirn jangni Buyuk Britaniyada o‘tkazishni istagan. Turki al ash-SHayx hamda Netflix esa jang uchun Nyu Yorkdagi “Madison Square Garden” arenasini ma’qul ko‘rgan.
Hozirda Kardiff asosiy variant sifatida ko‘rilmoqda. Telegraph Sport xabariga ko‘ra, jangni 4 yoki 11-dekabr kunlari Kardiffda o‘tkazish masalasi so‘nggi bir hafta davomida muhokama qilingan. Tomonlar shartnomani yakunlashga yaqin turibdi.
Jang shanbaga o‘tar kechasi, ya’ni mahalliy vaqt bilan yarim tundan keyin boshlanishi kutilmoqda. Buning uchun UYEls hukumati stadionning odatdagi soat 22:30 dagi faoliyatni yakunlash vaqtini uzaytirishga ruxsat berishi kerak.
Bunday holat avval ham kuzatilgan. 2007-yilda Jo Kalzage va Mikkel Kessler o‘rtasidagi jang soat 02:00 da boshlangan.
“Principality Stadium”ning yopiladigan tomi ham jangni dekabr oyida o‘tkazish uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, Londondagi “UYEmbli” stadioni ham ehtimoliy arena sifatida muhokama qilingan.
Jangning juma kuni kechasi o‘tkazilishi Netflix uchun ham qulay. Striming platformasi AQSHdagi 80 million tomoshabinga mo‘ljallangan asosiy efir vaqtini hisobga olmoqda. Shu sababli Netflix jangni AQSH sport dasturlari bilan to‘qnash kelmasligi uchun juma oqshomida namoyish etishni istamoqda.
Avvaliga Joshua va Fyuri o‘rtasidagi jangni AQSHda 20-noyabr kuni o‘tkazish rejalashtirilgan va bu bo‘yicha kelishuv yakunlanishiga oz qolgan. Biroq muzokaralar Buyuk Britaniyaga ko‘chirilgach, Kardiff asosiy variantga aylangan. Jangni dekabrga qoldirishga noyabr oyida “Principality Stadium”da xalqaro regbi uchrashuvlari o‘tkazilishi sabab bo‘lgan.
Muzokaralarda har ikki bokschining jamoasi, jumladan Eddi Xirn, Fyurining menejeri Spenser Braun, Turki al ash-SHayx va uning jamoasi, shuningdek, Netflix vakillari ishtirok etmoqda. Jangni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani yaqin kunlarda o‘tkazilishi kutilmoqda.
38 yoshli Fyuri professional boksda 39 ta jang o‘tkazib, ularning 36 tasida g‘alaba qozongan. “Lo‘lilar qiroli” faqat ikki marta mag‘lubiyatga uchragan va bitta jangi durang bilan yakunlangan. U mutlaq Jahon chempionligi uchun kechgan ikkita bahsda ukrainalik Oleksandr Usikka imkoniyatni boy bergan.
Fyuri 2024-yil dekabrida Usikka mag‘lub bo‘lganidan so‘ng faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Biroq Tayson 2026-yil yanvarida ringga qaytishini ma’lum qildi va ikkita g‘alabaga erishdi (Arslanbek Mahmudov va Marius Vax).
36 yoshli Joshua o‘tgan yil dekabr oyida Nigeriyada sodir bo‘lgan avtohalokatdan keyin jang o‘tkazmadi. Mazkur avtohalokatda uning ikki yaqin do‘sti halok bo‘lgan. Joshua iyul oyida ringga qaytib, jang o‘tkazgan. U professional boksda 34 ta jangda ishtirok etib, ularning 30 tasida g‘alaba qozongan. “AJ” faqat 4 marta mag‘lubiyatga uchragan.
Avvalroq super og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempionlari, britaniyalik Tayson Fyuri (36-2-1) va Entoni Joshua (30-4) 2026-yilning to‘rtinchi choragida o‘zaro to‘qnash kelishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Fyuri Joshua bilan jang tashkil etilmasa, faoliyatini yakunlashini bildirgan.













