«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Karrik jamoasining «Fulxem»ni mag‘lub eta olmagani sabablari haqida fikr bildirdi. Angliya Premyer-ligasi 5-turidan o‘rin olgan uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
«Menimcha, ko‘p jihatdan bu ularning darvozaboni bilan bog‘liq. Bugun u uchta ajoyib seyv amalga oshirdi. Biz ikki marta to‘pni ustunga tekkizdik va yana ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratdik.
Albatta, g‘alaba qozona olmaganimizdan norozimiz, ammo bu o‘yindan juda ko‘p ijobiy jihatlarni olish mumkin», — deya Karrikning so‘zlarini BBC keltiradi.
«Manchester Yunayted» 5 ochko bilan turnir jadvalida 12-o‘rinni egallab turibdi.
«Qizil iblislar»ning chempionatdagi keyingi uchrashuvi 10 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ularning raqibi ayni paytda so‘nggi o‘rinda borayotgan «Tottenxem» bo‘ladi.













