2021 yilda Lionel Messi ko‘z yoshlari bilan "Barselona"ni tark etgan edi. Moliyaviy qiyinchiliklar tufayli klub argentinalik yulduzga yangi shartnoma taklif qila olmagan. O‘sha paytda koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar sabab kataloniyaliklar Messi uchun munosib xayrlashuv marosimini ham tashkil eta olmagan edi.
Endi "Barselona" bu vaziyatni to‘g‘rilashni rejalashtirmoqda. Yaqinda klub prezidenti Joan Laporta "Kamp Nou" rekonstruksiyasi to‘liq yakunlanganidan keyin Lionel Messi uchun munosib sharaflash marosimi o‘tkazish niyati borligini aytgan edi.
El Nacional ma’lumotiga ko‘ra, Messini "Kamp Nou"da sharaflash marosimi 2028 yilga rejalashtirilmoqda. Biroq stadiondagi ishlar qachon yakunlanishiga qarab, tadbir 2027 yilda ham o‘tkazilishi mumkin.
Rejaga ko‘ra, "Barselona" Joan Gamper kubogi doirasida "Inter Mayami"ga qarshi o‘ynaydi. Bu "ko‘k-anorranglilar" har yili yangi mavsum arafasida o‘tkazadigan an’anaviy bir uchrashuvdan iborat turnir hisoblanadi.
Lionel Messi ushbu bahsda 45 daqiqaga "Barselona" futbolchisiga aylanishi mumkin. Argentinalik yulduz bir taymni "Barselona", ikkinchi taymni esa "Inter Mayami" safida o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, "Inter Mayami"ning asosiy investori Devid Bekxem klubning "Kamp Nou"dagi bunday o‘yinda ishtirok etishiga allaqachon rozilik bergan.













