Istanbulning "Galatasaray" klubi bosh murabbiy Okan Burukning kelajagi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.
"Bizning pozisiyamiz kecha qanday bo‘lgan bo‘lsa, bugun ham o‘zgarishsiz qolmoqda. So‘nggi to‘rt yil davomida Okan Buruk rahbarligida ishonch va qat’iyat bilan o‘z yo‘limizdan borgan bo‘lsak, kelgusida ham shu tarzda davom etamiz", deyiladi klub rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta "Galatasaray" Chempionlar ligasining ilk turida safarda Lissabonning "Sporting" klubiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Dam olish kunlari esa "sherlar" Turkiya chempionatida "Trabzonspor" mehmoni bo‘lib, 0:4 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi.
Okan Buruk "Galatasaray"ni 2022 yildan buyon boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa to‘rt marta Turkiya chempioni bo‘lgan. Shuningdek, mutaxassis hisobida Turkiya kubogi va Superkubogi ham bor.













