«Sevilya» muxlisi «Real» yulduzi Vinisius Juniorga nisbatan sodir etilgan jiddiy irqchilik holati yuzasidan bugun, seshanba kuni sud oldida javob bermoqda. Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, unga 1 yilu 9 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Sevilya sudidagi mazkur jarayon voqeadan ikki yildan ortiq vaqt o‘tib boshlandi.
Jinoiy ish 2023 yilda «Ramon Sanches-Pisxuan» stadionida o‘tkazilgan La Liga uchrashuvi bilan bog‘liq.
Davlat aybloviga ko‘ra, muxlis shimoliy tribunaning maydonga yaqin pastki qismida bo‘lgan va braziliyalik vingerga bir necha bor irqiy haqoratlar qilgan.
Telekameralar uning maymunga o‘xshash harakatlar qilib, Vinisiusga nisbatan haqoratli so‘zlar baqirganini qayd etgan. Ushbu videotasvirlar tergov uchun muhim dalil bo‘lgan.
Ispaniya prokuraturasi muxlisga rasman «ma’naviy daxlsizlikni buzish» ayblovini qo‘ygan. Ayblov tomonining ta’kidlashicha, uning harakatlari futbolchini ataylab kamsitish, sharmanda qilish va ruhiy azob yetkazishga qaratilgan.
O‘yindan keyin «Sevilya» rahbariyati La Liga vakillari bilan hamkorlik qilib, ushbu shaxsni aniqlagan. Natijada unga stadionga umrbod kirish taqiqlangan va klub a’zoligidan chiqarilgan.













