Kirish Ro'yxatdan o'tish

Mbappe: «Men hamisha afrikacha madaniyat ruhida tarbiyalanganman»

Mbappe: «Men hamisha afrikacha madaniyat ruhida tarbiyalanganman»

Baho:
+ | -

«Real» va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe afrikalik ildizlari u uchun qanchalik muhimligi haqida so‘zlab berdi.

– Afrika haqida gaplashaylik. Onangiz jazoirlik, otangiz esa kamerunlik ekani ma’lum. Bu ildizlar va kelib chiqish siz uchun muhim. Ular siz uchun nimani anglatadi?

– Ha, bu mening ildizlarim. Garchi Fransiyada tug‘ilgan bo‘lsam va sex sifatida shu yerda shakllangan bo‘lsam-da, hamisha afrikacha madaniy muhitda tarbiya topganman. Ildizlarim bilan aloqani hech qachon yo‘qotmaganman. Menimcha, bu muhim, chunki bu sening kimligingning bir qismi va singdirilgan qadriyatlarning bir bo‘lagidir.

Yaqinda yana Kamerunga bordim. Bolaligimda ham u yerga borganman va bu ajoyib vaqt edi. Afrikaga borganimda meni har safar juda samimiy kutib olishadi. Odamlarning mehrini his qilaman va butun bir qit’aning qo‘llab-quvvatlashini tuyish — haqiqatan ham yoqimli.

– Sizni Afrika millatlari kubogida do‘stingiz Ashraf Hakimiyni ko‘rgani borganingizda ko‘rishdi…

– Men Kot-d′Ivuar – Kamerun o‘yinini tomosha qilish uchun borgandim! Marrakeshdagi ajoyib o‘yin bo‘ldi. O‘yinlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘raman. Afrika millatlari kubogining o‘zi ham ajoyib turnir. Albatta, do‘stimni qo‘llab-quvvatlash uchun borgandim, ammo boshqa o‘yinlarni ham ko‘rishni xohladim.

Hozirda futbol darajasi juda yuqori. Afrika jamoalari raqiblar bilan tengma-teng o‘ynayotgani ko‘rinib turibdi — bu jahon chempionatida ham sezilgan edi. Menga bunday futbol yoqadi.

– JCH-2026 da o‘nta Afrika terma jamoasi qatnashdi — bu rekord ko‘rsatkich. Ulardan to‘qqizi guruh bosqichidan o‘tdi, garchi keyinroq ishlari unchalik yurishmagan bo‘lsa-da. Shunga qaramay, Senegal ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Belgiya terma jamoasi bosh murabbiyi Rudi Garsiya shunday dedi: «Biz bu jamoalarni bilamiz: o‘yin oxiriga yaqin ular taktik intizomni yo‘qotadilar». Afrika futboliga oid ushbu stereotiplar haqida nima deysiz?

– Menimcha, bu yerda gap faqat Afrika haqida ketmayapti — butun futbolda ahvol shunday. Hammada bir-biri haqida stereotiplar bor. Ba’zida ular tasdiqlanadi, ba’zida esa yo‘q.
Ammo aniq bilaman: Afrika jamoalariga qarshi o‘ynash juda qiyin. Ular o‘z kuchiga ishongan mustahkam raqiblardir. Ular har qanday jamoani yuta olishlarini tushunib yetdilar, qo‘rquvsiz o‘ynashmoqda va juda xavfli bo‘lib qolishdi. Ularga qarshi o‘yinlar hamisha jiddiy sinovdir.

– «Lill»da o‘ynayotgan ukangiz Etan kun kelib Jazoir yoki Kamerun terma jamoasini tanlashi mumkin. Biz Ayyub Buaddi Marokashni, Ibraim Mbaye esa Senegalni tanlaganini ko‘rdik. Ikki fuqaroligi bor o‘yinchilarning terma jamoa tanlashiga qanday qaraysiz?

– Bu juda shaxsiy va juda muhim masala. Tanlov ichki tuyg‘ulardan va shaxsiy tarixingdan kelib chiqib qilinishi kerak. Har kimning o‘zi vakillik qilmoqchi bo‘lgan mamlakat bilan o‘z munosabati bor.

Terma jamoada o‘ynash haqida gap ketganda, faqat sport loyihasi haqida emas, balki o‘sha mamlakatga bo‘lgan muhabbat va u bilan bog‘liqlik haqida gapirish kerak. Bu savolni shunday qarorni o‘zi qabul qiladigan insonlarga bergan ma’qul, chunki har kimda vaziyat har xil.

– Buni Fransiya terma jamoasi misolida ham ko‘rish mumkin — tarkibda Fransiyada tug‘ilgan va «ko‘k» libosni tanlagan futbolchilar juda ko‘p.

– Albatta. Agar sen fransuz bo‘lsang, Fransiyada tug‘ilgan va fransuz terma jamoalari tizimida tayyorgarlikning sidqidildan barcha bosqichlarini o‘tgan bo‘lsang, menimcha, bunday tanlov eng tabiiysidir.

Shuning uchun ham bu juda shaxsiy masala demoqdaman. Har kim o‘z tarixi, ichki shakllanishi va mamlakat bilan aloqasiga qarab ish tutadi. Tanlov chin yurakdan qilinganida, uni muhokama qilish yoki izohlash qiyin.

– «Oltin to‘p» sohibini aniqlashda ovozlarning 20 foizi Afrika hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu insonlarga nima degan bo‘lardingiz?

– Avvalo, shu yillar davomida meni qo‘llab-quvvatlab kelishgani uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Bu munosabat hech qachon o‘zgarmagan — Afrikaga qachon borsam, meni qanchalik kuchli yaxshi ko‘rishlarini hamisha his qilganman.

Albatta, afrikalik ildizlarim bo‘lgani uchun odamlar meni ushbu mukofot bilan bog‘lashlari menga yoqimli, bu juda qadrli. Hammasi uchun ularga rahmat aytaman va ushbu «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritib, uni qandaydir tarzda ularga bag‘ishlay olaman deb umid qilaman, — dedi Mbappe.

Kiritildi: 14:32, 22.09.2026.
O'qildi: 904 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик